O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashida «Qaraqalpaqstan hɑwɑzı» gazetasi bosh muharriri, «Yangi O‘zbekiston» va «Правда Востока» gazetalarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha muxbiri, «Oltin qalam» milliy mukofoti sovrindori, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mnajatdin Qutlimuratovning «Millioner janob» nomli yangi kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Vafoyev, partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shahar va tuman kengashlari rahbarlari, deputatlar, faollar ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi, Jo‘qorg‘i Kengesdagi partiya fraksiyasi rahbari Xalilla Yeshimbetov olib bordi. U Mnajatdin Qutlimuratovning ijodi haqida to‘xtalib, jurnalist va yozuvchi sifatida uning dolzarb mavzularni ko‘tarayotgani, ijodiy izlanishlari e’tiborga molik ekanini ta’kidladi.
So‘zga chiqqan Ulug‘bek Vafoyev muallifni yangi asar nashr etilgani bilan tabriklab, unga ijodiy muvaffaqiyatlar tiladi.
Ma’lumot o‘rnida, «Millioner janob» muallifning oltinchi kitobi hisoblanadi.