
1889-yilda Fransiyaning Parij shahrida dunyodagi birinchi ko‘p tomonlama siyosiy tashkilot sifatida tuzilgan Parlamentlararo ittifoqning 150 yillik yubiley Assambleyasiga Toshkent shahri mezbonlik qildi. Ha, bu chindan ham muhim tarixiy voqelik bo‘lib, bunday tadbir Markaziy Osiyo mintaqasida ilk marotaba o‘tkazildi.
Ma’lumki, 190 ga yaqin mamlakatlar parlamentini birlashtirgan Parlamentlararo ittifoq Assambleyasi yilda 2 marotaba, parlamentarizm va barqaror rivojlanishning ijobiy tajribasi yuqori bo‘lgan mamlakatlardagina o‘tkaziladi.
O‘zbekistonning Parlamentlararo ittifoqqa a’zoligi 2017-yilda qayta tiklandi va bugungi kunda ushbu tashkilotning to‘laqonli a’zosi sifatida barcha tuzilma va forumlari ishida faol ishtirok etib kelmoqda. Global kun tartibidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha sermahsul amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
E’tibor qaratilsa, keyingi to‘rt yilda parlament faoliyati bilan bog‘liq uchinchi xalqaro tadbirga mamlakatimiz mezbonlik qildi. Dastlab 2021-yil 23-24-iyun kunlari Buxoro shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik xalqaro forumi o‘tkazilgan bo‘lsa, 2022-yil 8-9-sentyabr kunlari Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti Toshkent shahrida tashkil qilindi.
Mazkur 150-Assambleyaning asosiy mavzusi “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” deb nomlanib, uning doirasida butun dunyo parlamentlari aholini ijtimoiy himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish, huquq ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Parlament xalq vakilligi ekan, demak, parlamentlararo hamkorlik – bu xalqlar, millatlar birdamligidir.
Mamlakatimizda ham kuchli va mas’uliyatli parlamentni barpo etish, samarali parlament diplomatiyasini tatbiq qilish uchun keng sharoitlar yaratilgan. Ayni paytda milliy parlamentimiz 100 ga yaqin xorijiy hamkorlar bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan. 80 ta qo‘shma do‘stlik guruhlari va komissiyalari samarali ishlayapti.
So‘nggi yillarda qonun chiqaruvchi hokimiyatning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rnini oshirishga qaratilgan 20 dan ziyod qonunlar qabul qilindi. Ayniqsa, 2023-yili umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi Konstitutsiyada parlament vakolatlari keskin oshirildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senat vakolatlari esa 14 tadan 18 taga yetkazildi. Sud, korrupsiyaga qarshi kurash va raqobat organlarini shakllantirish bo‘yicha Prezidentning qator vakolatlari qonun chiqaruvchi hokimiyatga o‘tkazildi. Parlamentning hukumatni shakllantirishdagi ishtiroki, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ustidan nazorat mexanizmlari yanada kuchaytirildi.
Bu o‘zgarishlarga mos tarzda hududlarimizda ham xalq deputatlari mahalliy kengashlarining vakolatlari kengaytirildi. Jumladan, 30 dan ortiq vakolatlar mahalliy kengashlarga o‘tkazildi va bu jarayonlar izchil davom ettirilmoqda.
Mazkur tadbirning yana bir ahamiyati shundaki, Toshkentda bo‘lib o‘tgan 150-Assambleyada parlamentariy ayollar forumi o‘zining 40 yilligini nishonladi.
1985-yilda norasmiy global xotin-qizlar guruhi sifatida tashkil etilgan mazkur forum butun dunyo bo‘ylab ayol deputatlar uchun kuchli platformaga aylandi hamda gender tengligi va xotin-qizlar huquqlarini kengaytirishda sezilarli yutuqlarga erishdi.
Xususan, olib borilgan izchil islohotlar natijasida milliy parlamentimizda ham xotin-qizlarning ulushi bugungi kunda 38 foizga yetdi (10 yil oldin atigi 16 foizni tashkil etar edi). Mazkur ko‘rsatkich Parlamentlararo ittifoq tomonidan Osiyo mintaqasida so‘nggi o‘ttiz yilda eng yuqori o‘sish sifatida baholandi.
Bugun jahon maydonida yuz berayotgan global o‘zgarishlar Parlamentlararo ittifoq va milliy parlamentlar oldiga yangidan-yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
Prezidentimiz nufuzli tashkilotning 150-Assambleyasida nutq so‘zlar ekan, zamon talablaridan kelib chiqib, bir nechta tashabbuslarni ilgari surdi. Ayniqsa, Yoshlar parlamentlari global platformasini tashkil etish va uning ta’sis forumini hamda kambag‘allikni qisqartirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani O‘zbekistonda o‘tkazish, sun’iy intellekt etikasini tartibga solish, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Osiyo xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar faolligini oshirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlash tashabbuslari o‘ta dolzarbligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, ijtimoiy taraqqiyot va adolat masalasiga alohida e’tibor qaratib, jahondagi, tengsizlik, qashshoqlik va ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan bolalar muammolarini ham ko‘tardi. Prezidentimiz nutqida tinchlikka va taraqqiyotga intilish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga bo‘lgan istak yaqqol sezilib turdi.
Yer yuzidagi hozirgi murakkab vaziyat, tinchlikni saqlash, ekologik barqarorlikni, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlashda parlamentlarning rolini yanada oshirish dunyo hamjamiyati uchun har qachongidan ham zarur bo‘lib qolmoqda.
Sherali MAMADЕTSOYEV,
O‘zXDP Sirdaryo viloyat kengashi raisi.
«O‘zbekiston ovozi», 16.4.2025, №15