Navoiy viloyatida partiyaning 34 yilligi munosabati bilan tadbir

 

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyat Kengashi majlislar zalida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkil topganligining 34 yilligi munosabati bilan tadbir tashkil etildi.

Unda Oliy Majlis Senati a’zosi Aksavli Tumishova, Qonunchilik palatasi deputati Iba Narizova, partiyaning Navoiy viloyat Kengashi raisi Baxtiyor Tashev va boshqalar so‘zga chiqib, partiyaning mustaqillik yillaridagi faoliyati, ijtimoiy himoya, adolat va tenglik g‘oyalarini ilgari surishdagi hissasi haqida so‘z yuritdi. 

Ta’kidlanganidek, partiya faollari fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish hamda demokratik qadriyatlarni mustahkamlash yo‘lida keng ko‘lamdagi chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda va bu an’ana kelgusida ham izchil davom ettiriladi.

– Bugungi kunda viloyatimizda partiyaning 263 ta boshlang‘ich tashkiloti bo‘lib, ular 50 ming nafarga yaqin a’zoni birlashtirgan, – deydi B.Tashev. – Ayni paytda viloyatda partiyamizdan saylangan bir nafar Senator, bir nafar Qonunchilik palatasi va 47 nafar mahalliy Kengashlar deputatlari faoliyat olib bormoqda. Ayni paytda partiyamiz tomonidan o‘z dasturiy g‘oyalari orqali fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, kam ta’minlangan aholini qo‘llab-quvvatlash va har bir insonning turmush darajasini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Asosiy maqsadimiz esa xalq manfaatlarini himoya qilishdir. 

Tadbirda jamiyat hayotida faol ishtirok etib, partiya dasturiy g‘oyalarini targ‘ib etishda katta hissa qo‘shib kelayotgan 7 nafar partiyaning fidoyi a’zolariga “O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi iftixori” ko‘krak nishoni topshirildi.

 

A.Bo‘riyev,
O‘zA

 

 

 

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish