Har bir bola O‘zbekiston uchun muhim
Har bir bola O‘zbekiston uchun muhim

 

Prezidentimizning Samarqandda o‘tayotgan “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” butunjahon sammiti ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini Xalq demokratik partiyasi a’zosi, deputat va, eng muhimi, bir ona sifatida hayajon bilan o‘qib chiqdim. Davlatimiz rahbarining har bir so‘zida bolalarimizga cheksiz mehr va ularning taqdiri uchun chuqur mas’uliyat sezilib turadi.

Ta’kidlanganidek, har bir bola hozirning o‘zida mehr, xavfsizlik, sifatli ta’lim va zarur tibbiy yordamga haqli. Bu so‘zlar partiyamizning bosh g‘oyasi — ijtimoiy birdamlik va teng imkoniyatlar tamoyili bilan to‘liq hamohang. Bolaning qadri uning kelajakda topadigan daromadi bilan emas, inson sifatidagi betakrorligi bilan o‘lchanadi. Shuning uchun ham bola hayotining ilk kunlaridan boshlab ona salomatligi, to‘g‘ri ovqatlanish va erta rivojlanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ehtiyojlarni o‘z vaqtida aniqlab, muhtoj oilalarga ijtimoiy va tibbiy yordamni manzilli yetkazish ham shunga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda erishilgan natijalar quvonarli: bolalar kambag‘alligi qariyb 4 barobar kamaydi, inklyuziv maktablar soni 5 baravar oshdi, nogironligi bo‘lgan bolalarning aksariyati ta’limga jalb etildi, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarning barchasi oilada tarbiyalanmoqda. Murojaatda og‘ir kasalliklarni erta aniqlash va bolalar onkologiyasi bo‘yicha tashabbusni qo‘llab-quvvatlash orqali sog‘liqni saqlashni yanada mustahkamlash vazifasi ham qo‘yildi.

Bolalarimiz uchun xavfsiz raqamli muhit yaratish, kiber tajovuzlarga qarshi kurashish va albatta, qarorlar qabul qilinayotganda ularning fikrini eshitish ham muhim yo‘nalishlar hisoblanadi. Samarqand platformasi esa xalqaro tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun global maydon bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi sifatida bu vazifalarni qonunchilikda mustahkamlash va ularning ijrosini deputatlik nazorati ostida olib borishni asosiy burchimiz, deb bilaman. Farzandlarimiz sog‘lom va xavfsiz ulg‘ayishi uchun bor kuchimizni sarflaymiz. Chunki har bir bola O‘zbekistonimizning ertangi kunidir!

 

Qizilgul Qosimova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish