Strategik hamkorlik – ijtimoiy barqarorlik garovi
Strategik hamkorlik – ijtimoiy barqarorlik garovi

 

Samarqand shahrida yuqori faollik, o‘zaro ishonchga asoslangan ruhda o‘tgan Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbuslar katta ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga egadir.

Nutqda O‘zbekistonga kelgan sarmoyador ma’muriy tartib-taomillarga vaqt sarflamasdan, tezda o‘z biznesini boshlash imkoniyatiga ega bo‘lishi lozimligi, iqtisodiyotning yangi tarmoqlarini, sanoat va texnologiyalar jadal rivojlanishiga xizmat qiladigan yirik markazlarni birgalikda shakllantirish muhimligi qayd etildi.

Kengash mamlakatlarimiz o‘rtasidagi uzoq muddatli iqtisodiy sheriklikning strategik mexanizmiga aylanishi lozimligi ta’kidlanib, 2035-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

Ko‘rinib turibdiki, asosiy maqsad ilg‘or hamkorlar bilan uzoq muddatli strategik yo‘nalishlarni belgilash hisoblanadi. Iqtisodiy o‘sish raqamlardagina emas, xalqimizning turmushida ham o‘z ifodasini topadi.

Birinchidan, sanoat, transport, barqaror energetika va boshqa sohalarga AQShning yetakchi kompaniyalari kapitalining kirib kelishi ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini oshiribgina qolmay, balki hududlarning ijtimoiy infratuzilmasini ham tubdan yangilashga xizmat qiladi. Eng muhimi, mahalliy tadbirkorlar va Milliy to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasining ushbu loyihalarda sherik sifatida ishtirok etishi milliy kapital va davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini yangi sifat bosqichiga olib chiqadi.

Ikkinchidan, xorijiy sarmoya va hamkorlikning eng katta qiymati yoshlarimizga imkoniyat berishidir. Raqamli yechimlar, sun’iy intellekt va yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish sohasidagi loyihalar malakali va yaxshi maosh to‘lanadigan ish o‘rinlarini yaratadi. Yoshlarimiz zamonaviy bilim va ilg‘or texnologiyalarni o‘rganib, jahon mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishadi. Bu esa odamlarning munosib hayot kechirishi uchun sharoitni yanada kengaytiradi.

Uchinchidan, bunday sheriklik faqat bir tomonlama bo‘lmaydi. Amerika kompaniyalari ham O‘zbekiston bilan ishlashdan katta naf ko‘radi. Yurtimizda joriy etilayotgan «Plug and Play», ya’ni «ulanib, darhol ishlash» tamoyili asosida investorlarga tayyor loyihalar taklif qilinadi va ortiqcha ma’muriy to‘siqlar bartaraf etiladi. O‘zbekistonning boy tabiiy resurslari, qulay joylashuvi va iqtidorli yoshlari inson kapitali bazasini shakllantiradi. Ikki tomon ham manfaatdor bo‘lgan hamkorlik barqaror va uzoq davom etishi ma’lum.

To‘rtinchidan, AQSH bilan 2035-yilgacha mo‘ljallangan strategik hamkorlik dasturi ishlab chiqilishi tashqi iqtisodiy aloqalarimizni kengaytiradi. AQSH yirik kompaniyalarining kapitali, texnologiyalari va tajribasi kirib kelsa, tashqi savdo va sarmoya manbalarimiz diversifikatsiyalashgan, iqtisodiyotimiz esa tashqi ta’sirlarga barqaror bo‘ladi. Yirik iqtisodiy markazlar bilan muvozanatli aloqalar ko‘p vektorli tashqi siyosatimizni kuchaytirib, iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Turli sohalardagi yaqin hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha huquqiy asoslarni mustahkamlash jarayonlarida fraksiyamiz faol ishtirok etadi.

 

Ulug‘bek Inoyatov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zXDP fraksiyasi rahbari.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish