Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga davlat xaridlari tizimi, harbiy xizmatni o‘tash tartibi, sanoat xavfsizligi, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonun loyihalari muhokama qilindi.
Muhokamalarda qonun loyihalarining aholi farovonligi va ijtimoiy adolatni ta’minlashdagi o‘rni, shuningdek, ularning amaliyotdagi samaradorligiga e’tibor qaratildi. Fraksiya a’zolari har bir tashabbusni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlari nuqtai nazaridan tahlil etishdi.
Sanoat xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi bo‘yicha qizg‘in bahs-munozaralar yuzga keldi. Qayd etilishicha, o‘tgan davr mobaynida xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sodir bo‘lgan 21 ta avariya va 162 ta baxtsiz hodisa oqibatida 67 nafar fuqaro vafot etgan va 116 nafar fuqaro tan jarohati olib, 32,1 mlrd so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgan.
Tashabbuskorlarga ko‘ra, amaldagi jazo choralari sodir etilgan huquqbuzarliklar oqibatida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan zarar ko‘lamiga mutlaqo nomutanosibdir.
Shu sababli xavfli ishlab chiqarish va potensial xavfli obyektlarda avariyalar hamda baxtsiz hodisalarning oldini olish tizimini yanada takomillashtirish, sanoat xavfsizligi talablarini buzish yoki ekspertiza xulosasisiz obyektlardan foydalanish oqibatida fuqarolar sog‘lig‘iga zarar yetkazish yoki odamlar o‘limiga sabab bo‘luvchi holatlar uchun qat’iy jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, sanoat xavfsizligi sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorlarini sezilarli darajada oshirish, soxta ekspertlik xulosalariga chek qo‘yish, transport vositalarini jarima maydoniga joylashtirishning aniq tartibini ishlab chiqish, eng muhimi, fuqarolar xavfsizligi va iqtisodiy himoyasini yanada kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasi muhokamalari chog‘ida ayrim aniqlashtiruvchi savollarni o‘rtaga tashlashdi.
Xususan, deputat Z.Shadiyeva sanoat xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun belgilanayotgan sanksiyalar qaysi holatlarda va qanday tartibda qo‘llanilishi masalasiga qiziqdi.
Fraksiya a’zosi F.Sharipov esa qonunga kiritilayotgan bu kabi o‘zgartirish va qo‘shimchalar ahamiyati xususida so‘zlab, uni ishlab chiqishda mutasaddi vazirlik-idoralar bilan kelishish hamda qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish yuzasidan amaliy tavsiyalar berdi.
Tashabbuskorlar savollarga izoh va tushuntirishlarini berdi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi dastlabki tarzda qo‘llab-quvvatlandi.
Jarayonda fraksiya a’zolari harbiy xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirishga qaratilgan yana bir tashabbusni ko‘rib chiqdilar.
Jumladan, muddatli harbiy xizmatchilarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va uni keng targ‘ib qilish, kitobxonlik tanlovining respublika bosqichida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan muddatli harbiy xizmatchilarni munosib rag‘batlantirish hamda uchuvchi mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilar bilan yangi shartnomani o‘n besh yil muddatga tuzish tartibi belgilanayotgan qonun loyihasini atroflicha muhokama qilishdi.
Yig‘ilishda deputatlar Chiqindilarni boshqarish va sirkular iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktoriga sohada ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lov tizimini takomillashtirish borasidagi ishlar to‘g‘risida parlament so‘rovi yuborilishini ham ma’qullashdi.
Yakunda kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlaridan kelib chiqib tegishli qarorlar qabul qilindi.