Kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va oilalar daromadini oshirish masalalari hududlarda olib borilayotgan ijtimoiy yo‘naltirilgan ishlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Bu borada, ayniqsa, «Ijtimoiy reyestr»ga kiritilgan oilalar, ishsiz fuqarolar hamda xotin-qizlarni doimiy ish bilan ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda.
Buxoro viloyatining Romitan tumanida ham ushbu yo‘nalishda amaliy ishlar olib borilmoqda. Yaqinda viloyat hokimi Botir Zaripov rahbarligida o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida tumanda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish borasidagi ishlar tanqidiy-tahliliy muhokama qilinib, tegishli vazifalar belgilandi.
Belgilangan vazifalar ijrosi doirasida xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashidagi O‘zbekiston XDP deputati H. Artikova Romitan tumanidagi «Romiteks» korxonasida bo‘lib, aholi, xususan, xotin-qizlarni bandligini ta’minlash imkoniyatlarini o‘rgandi.
O‘rganishlar natijasida Romitan tumanidan bo‘lgan 45 nafar xotin-qiz korxonada doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Ayni paytda korxonada jami 500 nafar ishchiga ehtiyoj mavjudligi qayd etilib, Romitan tumaniga chegaradosh Peshku, Jondor va Buxoro tumanlarida istiqomat qiluvchi ishsiz xotin-qizlarni ham ishga jalb etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ularning ish joyiga qatnovini tashkil etish masalalari ham ko‘rib chiqilmoqda.
Mazkur ishlar aholi murojaatlarini joyida o‘rganish, mavjud imkoniyatlardan foydalanish orqali fuqarolar, ayniqsa, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va oilalar daromadlarini oshirishga qaratilgan.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi uchun aholining munosib mehnat qilishi, barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar manfaatlarini himoya qilish muhim yo‘nalishlardan biridir. Shu nuqtai nazardan, deputatlarning hududlardagi faoliyati aholi manfaatlarini o‘rganish va mavjud imkoniyatlarni ularning bandligini ta’minlashga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kambag‘allikni qisqartirishda doimiy ish va barqaror daromad manbalarini yaratish muhim omillardan biri bo‘lib, Romitanda olib borilayotgan ishlar ham shu maqsadga qaratilgan.