Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Zuhra Shodiyeva sirdaryolik aholi vakillarining murojaati asosida Guliston tumani, “Baxmal” va “Zarfdor” MFYlari hududidagi yo‘llar bilan bog‘liq muammolarni joyiga chiqqan holda o‘rgandi.
Xususan, mahallalardagi Oyqar, Obod, Yorkent va Kamolot hamda Kelajaksari, Baxt va Fayzilobod ko‘chalari aholisi tomonidan ushbu ko‘chalarga asfalt qoplamasi yotqizilishi va joriy ta’mirlash masalasida murojaatlar bildirilgan.
Mazkur ko‘chalarni obodonlashtirish va asfaltlash ishlari bo‘yicha tashabbuslar ilgari surilgan bo‘lsa-da, muayyan sabablarga ko‘ra, loyihalar “Tashabbusli budjet” loyihasida yetarli ovoz to‘play olmagani sababli ko‘chalarga asfalt qoplamasi yotqizilmay qolgan.
Deputatimiz Z. Shodiyeva mahallalar aholisi bilan uchrashib, ularning fikr va takliflarini tinglar ekan, ushbu yo‘llarning ta’mirtalab holati kundalik hayotda, transport qatnovida hamda piyodalar harakatida qator noqulayliklarni keltirib chiqarayotgani ta’kidlandi.
O‘rganish jarayonida muammoning kelib chiqish sabablari, mavjud imkoniyatlar va ularni bartaraf etishning amaliy choralari muhokama qilinib, tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ko‘rib chiqish, ko‘chalarni ta’mirlash va asfaltlash zarurati yuzasidan takliflar bildirildi.